Hujjat

Maxfiylik siyosati

asmo.uz sayti qaysi maʼlumotlarni oladi, ular nima uchun kerak, qayerda saqlanadi, kimga beriladi va siz ularni qanday boshqarishingiz mumkin.

Versiya 1.0Sana 12.10.2026

01Maʼlumotlarga kim ishlov beradi

Ushbu siyosat ASMO GROUP asmo.uz sayti tashrifchilarining shaxsga doir maʼlumotlariga qanday ishlov berishini tushuntiradi.

Operator
«ASMO GOLD OSIYO» MChJ, STIR 309894170, yuridik manzili: Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent viloyati, Yangiyoʻl tumani, Gʻalaba MFY, Gʻalaba koʻchasi, 42-a uy (bundan keyin — ASMO GROUP, «biz») — shaxsga doir maʼlumotlar bazasining mulkdori va operatori.
Nimaga taalluqli
asmo.uz sayti (oʻzbek, rus va ingliz tillarida), ariza shakli, saytdagi AI-yordamchi, sayt tashriflari statistikasi. Havolalar orqali ochiladigan boshqa saytlarga (IT boʻlim, ASMO Cargo, ASMO RFID, xaritalar, ijtimoiy tarmoqlar) ushbu siyosat taalluqli emas
Qonun
Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi OʻRQ-547-son «Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida»gi Qonuni, oʻzgartirishlari bilan (bundan keyin — Qonun)

Atamalar Qonundagidek (4-modda): shaxsga doir maʼlumotlar — muayyan shaxsga tegishli yoki uni aniqlash imkonini beradigan maʼlumotlar; ishlov berish — ular bilan harakatlar: yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, foydalanish, uzatish, egasizlantirish, yoʻq qilish.

02Qanday maʼlumotlarni olamiz

Faqat ish uchun keraklisini: siz oʻzingiz kiritgan yoki yozgan maʼlumotlar va sayt ishlashi uchun zarur texnik maʼlumotlar.

Ariza
ism va telefon raqami; kompaniya nomi va izoh (agar yozsangiz); tanlangan yoʻnalish; sayt tili; ariza yuborilgan sahifa; reklama kampaniyasi belgilari (UTM), agar reklama havolasi orqali kelgan boʻlsangiz
AI-yordamchi bilan suhbat
yordamchiga yozgan savollaringiz va uning javoblari matni, shuningdek siz turgan sahifaning manzili, tili va matni — yordamchi javob berishi uchun. Ariza shakliga yozgan ism, telefon va kompaniyangiz yordamchiga koʻrsatilmaydi; ularni suhbatning oʻzida yozsangiz (yordamchi shaklni toʻldirishi uchun), ular savol matni bilan birga yuboriladi. Savol bilan birga Vercel IP-manzilingizni ham oladi — usiz soʻrov yetib bormaydi, u bilan bitta manzildan savollar soni cheklanadi
Botlardan himoya
ariza yuborilishidan oldin brauzeringiz kichik hisoblash topshirigʻini bajaradi (tekshiruv bizning serverimizda, begona xizmatlarsiz); bitta manzildan arizalar sonini cheklash uchun IP-manzil hisobga olinadi va faqat xesh koʻrinishida saqlanadi
Tashriflar statistikasi
qaysi sahifalar ochilgani, qayerdan oʻtilgani, UTM belgilari, brauzer tili, ekran oʻlchami, brauzer, operatsion tizim va qurilma turi, IP-manzil boʻyicha mamlakat, viloyat va shahar, shuningdek saytdagi hodisalar: ariza yuborildi yoki yuborilmadi (faqat natija belgisi), til almashtirildi, telefon, Telegram yoki pochta havolasi bosildi. IP-manzil saqlanmaydi — faqat oy tuzi bilan seans xeshi; statistikada ismlar, telefonlar, ariza matnlari va yordamchiga yozilgan savollar yoʻq
Texnik maʼlumotlar
IP-manzil, sahifa manzili, brauzer turi va soʻrov vaqti — veb-server jurnalida; arizalar xizmatida IP-manzil faqat xesh koʻrinishida saqlanadi
Sayt sozlamalari
koʻrinish rejimi (yorugʻ yoki qorongʻi), AI-yordamchi oynasi ochiq yoki yopiqligi, yordamchi bilan suhbat va uning shaklga yozuvlari jurnali, UTM belgilari — brauzeringiz xotirasida saqlanadi; serverga ulardan faqat UTM belgilari (ariza bilan birga) va suhbat matni (yordamchiga yangi savol yuborganingizda) yuboriladi (10-boʻlim)

Maxsus maʼlumotlarni — salomatlik, eʼtiqod, sudlanganlik va shu kabilarni soʻramaymiz. Iltimos, ularni arizada yoki AI-yordamchiga yozmang.

03Nima uchun kerak

  1. Sizga qoʻngʻiroq qilish, savollarga javob berish va ariza boʻyicha taklif tayyorlash uchun.
  2. AI-yordamchi savolingizga javob berishi, sahifadan kerakli joyni koʻrsatishi va xohlasangiz ariza shaklini toʻldirishga yordam berishi uchun.
  3. Saytni botlar va suiisteʼmollardan himoya qilish uchun.
  4. Sayt ishlashi, xavfsizligi, xatolarni topish va egasizlantirilgan statistika uchun — qaysi sahifalar qaysi qurilmalardan oʻqilishini bilib, saytni yaxshilash uchun.
  5. Rozilik berganingizni tasdiqlash uchun: rozilik matnining versiyasi, vaqti, tili va sahifasini saqlaymiz.
  6. Mijozimiz boʻlsangiz — shartnomani bajarish uchun.

Maʼlumotlarni sotmaymiz, reklama uchun bermaymiz va boshqa maqsadlarda ishlatmaymiz. Maqsad oʻzgarsa, avval roziligingizni soʻraymiz (Qonunning 19-moddasi).

04Asoslar va rozilik

Maʼlumotlarga Qonunning 18-moddasida nazarda tutilgan asoslarda ishlov beramiz:

Roziligingiz
ariza — yuborish tugmasi oldidagi «Menejer qoʻngʻiroq qilishiga hamda shaxsga doir maʼlumotlarimga Maxfiylik siyosati shartlarida, shu jumladan ularni chet elga uzatgan holda, ishlov berilishiga roziman» belgisini qoʻyganingizda (belgisiz ariza yuborilmaydi); AI-yordamchi — uning oynasida «savollaringiz matni AQShdagi serverga yuboriladi» ogohlantirishini koʻrib, savol yuborganingizda
Sizning soʻrovingiz
shartnoma tuzilgunga qadar soʻrovingiz boʻyicha choralar: qoʻngʻiroq qilish va taklif tayyorlash
Shartnoma
mijozimiz boʻlsangiz — uni bajarish uchun
Qonuniy manfaat
server jurnallari, botlardan himoya va egasizlantirilgan statistika — huquqlaringizni buzmagan holda sayt ishlashi va xavfsizligi uchun

Rozilikni istalgan vaqtda qaytarib olishingiz mumkin — u qanday shaklda berilgan boʻlsa, shunday shaklda yoki yozma ravishda, masalan info@asmo.uz manziliga xat yozib (Qonunning 21-moddasi). Qaytarib olish undan oldingi ishlov berishni bekor qilmaydi.

05Qayerda saqlanadi va kimga beriladi

Maʼlumotlarni faqat xizmat ishlashi uchun zarur boʻlganlar va faqat kerakli hajmda oladi:

Kompaniya serveri (Fransiya) va Oʻzbekistondagi asosiy nusxa
arizalar va roziliklar jurnali, manzil xeshlari, limit hisoblagichlari, tashriflar statistikasi, server jurnallari
Kol-markazimiz shlyuzi va Telegram
ariza kartochkasi (ism, kompaniya, telefon, yoʻnalish, izoh, sahifa) oʻsha serverdagi kol-markazimiz arizalar bazasiga yoziladi va Telegram-botimiz xabari bilan menejerlar chatiga keladi; Telegram serverlari — Oʻzbekistondan tashqarida, uzatish — roziligingiz asosida
Vercel (AQSH)
AI-yordamchining server qismi shu xostingda ishlaydi: savol matni, suhbatning oxirgi qismi va sahifa maʼlumotlari u orqali til modeliga uzatiladi; IP-manzilingiz shu yerda qoladi — bitta manzildan savollar sonini cheklash uchun, til modeliga yuborilmaydi. Savollarni biz u yerda saqlamaymiz
Ollama (AQSH) — til modeli
Ollama Cloud xizmatidagi til modeli savol matni va sahifa maʼlumotlari boʻyicha yordamchi javobini tayyorlaydi; matnga yetkazib beruvchi shartlarida ishlov beriladi
Davlat organlari
faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda

Har bir oluvchi maʼlumotlarni faqat oʻz vazifasi uchun oladi. Maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga berish yoki ularga ishlov berishni topshirish faqat roziligingiz bilan, siz bilan tuzilgan shartnomani bajarish uchun yoki qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda amalga oshiriladi (Qonunning 28 va 31-moddalari).

06Oʻzbekistondan tashqariga uzatish

Maʼlumotlarning asosiy nusxasi Oʻzbekistonda saqlanadi; kompaniyaning ish serveri Fransiyada joylashgan, Telegram serverlari — Oʻzbekistondan tashqarida, AI-yordamchining xostingi (Vercel) va til modeli (Ollama) — AQShda. Shuning uchun maʼlumotlaringiz chet elga uzatiladi — bu transchegaraviy uzatish (Qonunning 15-moddasi). Fransiya Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan tegishli himoyani taʼminlovchi davlatlar roʻyxatiga kiradi; AQSH bu roʻyxatda faqat EU-US Data Privacy Framework ishtirokchilari uchun bor. Vercel va Ollama shunday ishtirokchi ekanini biz taʼkidlamaymiz, shuning uchun AI-yordamchiga yozilgan matnni va u bilan birga IP-manzilni AQShga uzatish faqat roziligingizga asoslanadi.

Har bir oluvchiga faqat keraklisini uzatamiz: Telegramga — ariza kartochkasi; Vercel va Ollamaga — AI-yordamchiga yozgan savollaringiz, uning javoblari va sahifa maʼlumotlari, Vercelga yana IP-manzilingiz (usiz soʻrov yetib bormaydi), ariza shakliga yozganlaringiz esa ularga yuborilmaydi. Asos — roziligingiz: arizada uni yuborish tugmasi oldidagi belgi bilan, AI-yordamchida — oynadagi ogohlantirishni koʻrib savol yuborish bilan berasiz. Yordamchidan foydalanish ixtiyoriy: xohlamasangiz, savolingizni telefon, Telegram yoki ariza orqali bering.

Qonun Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsga doir maʼlumotlarini mamlakat hududida saqlashni talab qiladi (27¹-modda): sayt maʼlumotlarining asosiy nusxasi Oʻzbekistonda saqlanadi, ishlov berish esa Qonunda belgilangan shartlarda Yevropadagi serverda amalga oshiriladi.

07Qancha saqlanadi

Maʼlumotlarni ular yigʻilgan maqsadga erishilgunga qadar saqlaymiz (Qonunning 10-moddasi). Har bir turi uchun muddat:

Arizalar
ish muhokama qilinayotganda saqlaymiz; shartnoma tuzilmasa — oxirgi aloqadan 12 oy oʻtgach oʻchiramiz; tuzilsa — u amal qilayotganda va qonun talab qilgan davrda saqlaymiz. Kol-markaz bazasidagi va Telegramdagi nusxalar — shu muddatda: xabarni chatdan oʻchiramiz, Telegramda u oʻz qoidalari boʻyicha saqlanadi
Roziliklar jurnali
matn versiyasi, vaqt, til, sahifa, manzil xeshi — 3 yil
AI-yordamchi bilan suhbat
brauzeringizda — varaq yopilguncha; serverimiz suhbatni saqlamaydi; Vercel va Ollama savol matniga, Vercel esa IP-manzilga ham oʻz shartlari boʻyicha ishlov beradi
Limit hisoblagichlari va botlardan himoya
bitta manzildan arizalar hisoblagichi — 24 soat; botlardan tekshiruvning ishlatilgan yechimlari — topshiriq muddati tugaguncha (30 daqiqa)
Tashriflar statistikasi
14 oy, soʻng oʻchiriladi
Server jurnallari
har kuni yangi faylga oʻtadi, 90 kundan uzoq saqlanmaydi
Sayt sozlamalari
brauzerda, oʻzingiz oʻchirmaguningizcha (bir qismi — varaq yopilguncha)

Muddat tugaganda, maqsadga erishilganda, rozilik qaytarib olinganda yoki sud qarori qonuniy kuchga kirganda maʼlumotlar tiklab boʻlmaydigan qilib yoʻq qilinadi (Qonunning 17-moddasi).

08Sizning huquqlaringiz

Qonunga koʻra (30-modda, agar bandda boshqa modda koʻrsatilmagan boʻlsa) siz quyidagilarga haqlisiz:

  • bizda maʼlumotlaringiz bor-yoʻqligini va ularning tarkibini bilish;
  • ishlov berish haqida maʼlumot olish: qanday asosda va nima uchun, qanday usullarda, kim foydalana oladi, qayerdan olingan, qancha saqlanadi va chet elga uzatiladimi (22-modda);
  • notoʻgʻri yoki toʻliq boʻlmagan maʼlumotlarni tuzatish va toʻldirish — murojaatingizdan keyin uch kun ichida (11-modda);
  • maʼlumotlar toʻliq boʻlmasa, eskirgan, notoʻgʻri, qonunga xilof olingan yoki maqsad uchun kerak boʻlmasa, ularga ishlov berishni vaqtincha toʻxtatishni talab qilish;
  • rozilikni qaytarib olish — shunda rozilik asosida ishlov berilgan maʼlumotlarni yoʻq qilamiz (17-modda);
  • huquqlaringizni himoya qilish uchun shaxsga doir maʼlumotlar sohasidagi vakolatli davlat organiga yoki sudga murojaat qilish.

Soʻrovni 12-boʻlimdagi aloqa orqali yuboring. Maʼlumotlarni begona odamga ochib bermaslik uchun raqam yoki pochta sizniki ekanini tasdiqlashni soʻrashimiz mumkin. Maʼlumot berishni rad etsak, buni oʻn kun ichida yozma ravishda xabar qilamiz (22-modda).

AI-yordamchi savollarga javob beradi va ariza shaklini toʻldirishga yordam beradi, lekin arizani oʻzi yubormaydi va siz uchun yuridik oqibatlarga olib keladigan qarorlar qabul qilmaydi (24-modda). Uning javoblari — maʼlumot uchun: narx, muddat va shartlarni menejer aytadi.

09Himoya va maʼlumotlar sizib chiqishi

Maʼlumotlar yoʻqolmasligi, oʻzgarmasligi va begonalar qoʻliga tushmasligi uchun huquqiy, tashkiliy va texnik choralar koʻramiz (Qonunning 27 va 31-moddalari):

  • arizalarga faqat ish uchun kerak boʻlgan xodimlar kira oladi;
  • xodimlar ish jarayonida bilib olgan shaxsga doir maʼlumotlarni oshkor qilmasligi shart;
  • maʼlumotlar himoyalangan ulanish (HTTPS) orqali uzatiladi;
  • IP-manzil faqat xesh koʻrinishida saqlanadi; botlardan tekshiruv bizning serverimizda, begona xizmatlarsiz bajariladi; serverga kirish — faqat kalit bilan, kalitlar va parollar — yopiq fayllarda;
  • AI-yordamchi arizani yubora olmaydi va siz suhbatda yozmagan ism yoki telefonni shaklga yoza olmaydi; shaklga har bir yozuvni siz tasdiqlaysiz.

Agar maʼlumotlar sizib chiqsa yoki shaxsga doir maʼlumotlar bilan boshqa hodisa yuz bersa, uni toʻxtatish va oqibatlarini cheklash uchun darhol choralar koʻramiz, zarar koʻrganlarga nima boʻlgani va nima qilish kerakligini xabar qilamiz hamda qonunchilikda belgilangan muddatlarda vakolatli organni xabardor qilamiz.

11Bolalar

Sayt kattalar va kompaniyalar uchun moʻljallangan. Agar sizga 18 yosh toʻlmagan boʻlsa, ariza qoldirmang va AI-yordamchiga shaxsiy maʼlumot yozmang: Qonunga koʻra voyaga yetmaganlar uchun rozilikni ota-onalari yoki vasiylari yozma ravishda beradi (21-modda). Bolaning maʼlumotlarini bunday roziliksiz olganimizni bilsak, ularni oʻchiramiz.

12Aloqa va oʻzgarishlar

Shaxsga doir maʼlumotlar boʻyicha savol, soʻrov yoki rozilikni qaytarib olish uchun yozing yoki qoʻngʻiroq qiling.

Telefon
+998 71 200 01 77, +998 97 401 50 00 (Du–Sh, 9:00–18:00)
Pochta manzili
Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent viloyati, Yangiyoʻl tumani, Gʻalaba MFY, Gʻalaba koʻchasi, 42-a uy

Siyosat oʻzgarsa, yangi tahrir va uning sanasi shu sahifada eʼlon qilinadi. Allaqachon olingan maʼlumotlarga ishlov berish maqsadi oʻzgarsa, roziligingizni qaytadan soʻraymiz (Qonunning 19-moddasi).

Versiyalar oʻrtasida tafovut boʻlsa, oʻzbek tilidagi matn ustun hisoblanadi.

Tahrir: 2026-yil 12-oktabr, asmo.uz uchun 1.0-versiya.